Toshkentda Kosmonavtlar maydonini rekonstruksiya qilish ishlari deyarli yakunlanib qoldi. Bu yerdagi granit plitalar almashtirildi va yangi o‘simliklar ekildi. Biroq, san’at va arxitektura tarixchisi Boris Chuxovich «rekonstruktorlar mualliflarning asl badiiy g‘oyalariga yetarlicha e’tibor bermagan va yodgorlikning yaxlitligini buzgan», deb hisoblaydi. U shu kabi ishlarni qilishdan avval aholi va mutaxassislar bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish zarurligini ta’kidladi.
Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Kosmonavtlar maydonini «chiroyli qilish uchun» unga 10 kun vaqt berishlarini so‘radi. «O‘n kun sabr qiling. Agar noto‘g‘ri bo‘lsa, meni har qancha ayblashlaringga roziman», — degan shahar hokimi. Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ishlar olib borilishi jarayonida qonunchilik buzilganini tasdiqladi.
Ruxsat berilmaganiga qaramasdan quruvchilar Kosmonavtlar maydonidagi granit plitalarni ko‘chirib tashlashni davom ettirishdi. Tuman hokimi Anvar Sayfutdinovning ta’kidlashicha, dam olish kunlari sababli loyiha haqida oldidan xabar berilmagan. Uning aytishicha, hokimiyat fuqarolarga qulayliklar yaratishda «yaxshi maqsadlarni ko‘zlagan». Shahar hokimiyati vanihoyat loyiha eskizini e’lon qildi. Chizmada yangi marmarning rangi avvalgisidan farq qiladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting